TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Qirg‘izistonlik sotuvchilar uchun Rossiyaga elektron savdo maydonchalari orqali tovar yetkazib berish tartibi yengillashtirildi. Bu haqda Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi YeOII bilan muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Elimbek Qanibek uulu ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 30-yanvar kuni Moskvada o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashi yig‘ilishida qirg‘iz sotuvchilari tovarlarini elektron savdo doirasida, jumladan, "Wildberries" orqali yetkazib berishda yuzaga kelgan muammolar ko‘rib chiqilgan.
Muammolarni hal etish doirasida yangi model kelishib olindi. Unga ko‘ra, tovarlar jismoniy shaxsga sotilgunga qadar mulk huquqi o‘tkazilmasdan, YeOIIga a’zo boshqa davlat hududida joylashgan marketpleys omborlariga olib kiriladi. Ushbu model Rossiyaning vakolatli organlari tomonidan tasdiqlangan.
Yangi tartibga ko‘ra, tovarlarni tashishda faqat ikki asosiy hujjat — CMR va tovar-transport yukxati rasmiylashtiriladi. Bu esa avval yuzaga kelgan burokratik qiyinchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.
Yaqin kunlarda hujjatlarni to‘ldirish tartibini tushuntirish uchun Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi maydonchasida "Wildberries" vakillari ishtirokida axborot seminari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, YeIK Kengashi elektron savdo doirasida tovarlar harakatini monitoring qilish va muammolarni aniqlashni davom ettirishni topshirgan.