MDHdagi rekord: 17 kunda O‘zbekistonda 30 milliondan ortiq aholi onlayn ro‘yxatdan o‘tdi

Ro‘yxatga olish bo‘yicha tadbirlar doirasida 30 milliondan ortiq aholi onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Savolnomani to‘ldirmaganlar uchun ikkinchi bosqich 4–28 fevral kunlari o‘tkaziladi
Sputnik
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 15-31 yanvar kunlari O‘zbekistonda jami xonadonlarning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq aholi onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda tadbirning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda 60 kunda aholining 40 foizi, Belarusda 25 kunda 22 foizi, Rossiyada 31 kunda 16 foizi onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.

Savolnomani to‘ldirmagan yoki xatolik bilan to‘ldirgan fuqarolar uchun ikkinchi bosqich 4-28 fevral kunlari o‘tkaziladi. Unda "mahalla yettiligi" vakillari uyma uy yurib, ma’lumotlarni planshetlar orqali census.stat.uz platformasiga kiritadi.

Tayyorgarlik doirasida respublika bo‘yicha 7,6 milliondan ortiq turar joyning GPS-koordinatalari aniqlashtirildi. Jarayonga jalb etilgan 55 mingdan ortiq xodim uch bosqichli treningdan o‘tgan. Natijalar ishonchliligini ta’minlash uchun 10–15 foiz hajmda qayta tekshiruv o‘tkaziladi.
Axborot tizimi uchun zarur server quvvatlari ajratilgan, kiberxavfsizlik choralari ko‘rilgan. Ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llanadi. Ular soliq yoki nazorat organlariga berilmaydi.
Ro‘yxatga olish natijalari demografik, ijtimoiy va iqtisodiy holatni to‘liq aks ettiruvchi ma’lumotlar bazasini shakllantiradi. Bu ma’lumotlar maktab, bog‘cha, shifoxona va yo‘l kabi obyektlarni qayerda qurish, shuningdek, taraqqiyot strategiyalarini ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Dastlabki natijalar joriy yilning 1-iyuligacha, yakuniy ma’lumotlar esa 2027-yil 1-iyuligacha e’lon qilinadi.
Aholini ro‘yxatga olish savolnomasini xato to‘ldirganlarga ogohlantirish yuborilmoqda