TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Rossiya xavfsizlik kuchlari Qrimda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ma’muriy binosida terakt uyushtirishga bo‘lgan urinishning oldini oldi. Bu haqda RIA Novosti FXX Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina maxsus xizmatlari vakili Telegram orqali qrimlik bilan bog‘lanib, o‘zini FXX xodimi sifatida tanishtirgan va uni "tekshiruv topshirig‘i" bahonasida go‘yoki sotqinlarni aniqlash maqsadida Qrim va Sevastopol bo‘yicha FXX boshqarmasi binosiga yozib olish funksiyasiga ega portativ audiokolonka olib kirishga ko‘ndirgan.
Nazorat-o‘tkazish punktida tekshiruv chog‘ida audiokolonka ichida 1 kg chet elda ishlab chiqarilgan portlovchi modda, elektrodetonator va shikastlovchi elementlardan iborat qo‘lbola portlovchi qurilma aniqlangan.
Qayd etilishicha, qurilma ijrochi tomonidan faollashtirilishi kerak bo‘lgan. FXX ma’lumotiga ko‘ra, bu reja nafaqat xavfsizlik xodimlari, balki aldov yo‘li bilan jalb qilingan ijrochining o‘zi ham halok bo‘lishiga olib kelishi mumkin edi.
Terrorchilik harakatini rejalashtirgan shaxs sifatida Odessada yashovchi Ukraina Qurolli kuchlari maxsus operatsiyalar bo‘limining xodimi Ivan Krinov (1996 yilda tug‘ilgan) ko‘rsatilgan. U ilgari ham shu kabi urinishni — 54 yoshli ayol yordamida pravoslav ikonaga joylashtirilgan portlovchi qurilma orqali amalga oshirishga harakat qilgani aytilgan.
FXX ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi xalqaro qidiruvga berilgan va Rossiya qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilishi bildirilgan.