TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Xiva shahrida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek–turkman Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Suv xo‘jaligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Sh.G‘aniyev va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining agrosanoat kompleksi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari T.Ataxalliyev boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Tomonlar 2024-yil 30-aprelda Turkmanobod shahrida o‘tgan to‘rtinchi yig‘ilish qarorlari ijrosini muhokama qilib, amalga oshirilgan ishlardan qoniqish bildirdi.
2025–2026 yillar navvegetatsiya davrida iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlash maqsadida “Amudaryo” suv resurslaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Turkmaniston hududida joylashgan O‘zbekiston suv xo‘jaligi obyektlarini xatlovdan o‘tkazish uchun qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, “Amudaryo” bo‘ylab suv yo‘qotilishini kamaytirish, to‘siqsiz suv o‘tishini ta’minlash, qirg‘oq mustahkamlash va o‘zanni tekislash ishlarini muvofiqlashtirish, sel-toshqin xavfini kamaytirish choralari muhokama qilindi.
Tomonlar ilmiy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, “Suvchilar maktabi” platformasida turkman mutaxassislarining ishtirokini ta’minlash va qo‘shma ilmiy-loyiha ishlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Qo‘shma komissiyaning oltinchi yig‘ilishi Turkmanistonda o‘tkazilishiga kelishildi. Yakunda tegishli bayonnoma imzolandi.