TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. 1 sentabrdan Rossiya oliy o‘quv yurtlari bakalavriat va magistratura o‘rnini bosadigan yangi oliy ta’lim modeliga o‘tadi. Bu haqda Davlat dumasining fan va oliy ta’lim qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kseniya Goracheva RIA Novostiga ma’lum qildi.
"Bakalavr — magistr" formulasi o‘rniga: mutaxassislikka qarab to‘rt yildan olti yilgacha bo‘lgan tayanch oliy ta’lim va bir yildan uch yilgacha bo‘lgan ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim, ya’ni yangilangan magistratura shakli joriy etiladi", — dedi u.
Yangi tizimga ko‘ra, tayanch dastur bitiruvchilari keyingi bosqichda o‘qishga budjet o‘rinlari uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi, aspirantura esa alohida ta’lim bosqichiga aylanadi.
Mazkur o‘zgarishlar Bolonya tizimini almashtirish bo‘yicha 2022-yildan boshlangan muhokamalar natijasi bo‘lib, avval oltita universitetda tajriba sifatida sinovdan o‘tkazilgan. Endi ushbu tajriba keng joriy etilmoqda.
Gorachevaning ta’kidlashicha, mehnat bozori tez o‘zgarmoqda, OTM dasturlari esa har doim ham bu talablarga ulgurmayapti. Shu sabab bitiruvchilarning ko‘nikmalari ish beruvchilar ehtiyojiga to‘liq mos kelmasligi mumkin.
Yangi model universitetlarga fundamentallikni saqlagan holda o‘quv dasturlarini real talablarga moslashtirish imkonini beradi. Ayni paytda o‘qiyotgan talabalar esa o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishni davom ettiradilar.
Shuningdek, qo‘shimcha kasb-hunar ta’limi yangi tizimning muhim qismiga aylanadi, biroq u universitet ta’limining o‘rnini bosmaydi. Islohotdan maqsad esa ta’limni amalda ishlaydigan tizimga aylantirishdir.