Xodjayev belaruslik hamkasbi bilan uchrashdi — ular nimalarni muhokama qildi

Ikki mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari uchrashuvida O‘zbekiston–Belarus savdo hajmi 30 foizdan ortiq oshgani qayd etildi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko bilan uchrashdi.
Belarus delegatsiyasi tarkibiga sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat idoralari, “Bellesbumprom” konserni hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari kirdi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, yog‘ochni qayta ishlash va farmatsevtika sohalaridagi loyihalarni muhokama qildi. Qayd etilishicha, 2025-yilning 11 oyi yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizdan ortiq o‘sgan.
Uchrashuvda joriy yilga mo‘ljallangan qo‘shma hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi va “Innoprom” ko‘rgazmalarida ishtirok masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida Yuriy Shuleyko qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ham uchrashdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Madaniy hamkorlik: 2026-yilda Belarusda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi