TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Rossiyalik matematik Ivan Remizov XIX asrdan beri yechib bo‘lmaydi deb hisoblangan muammoga yechim taklif qildi.
U tabiatdagi ko‘plab jarayonlarni tasvirlashda ishlatiladigan murakkab tenglamalarni yechish usulini topgan.
Bunday tenglamalar mayatnik tebranishidan tortib elektr tarmoqlaridagi signallar va sayyoralar harakatigacha bo‘lgan jarayonlarni tushuntirishda qo‘llanadi. Olimlar uzoq yillar davomida ular uchun umumiy formula yo‘q, degan fikrda bo‘lib kelgan.
Remizov esa muammoga boshqacha yondashdi. U murakkab jarayonni ko‘plab mayda va sodda qismlarga ajratib, ularni bosqichma-bosqich hisoblash orqali aniq natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatdi.
Ya’ni ilgari yechimi yo‘qdek tuyulgan tenglamalarni endi ma’lum usul orqali hisoblab chiqish mumkin.
Bu usul murakkab tabiiy va texnik jarayonlarni tasvirlaydigan tenglamalarni avvalgidan ancha oson va aniq hisoblash imkonini beradi. Olimlar fikricha, u fizika, muhandislik va iqtisodiy modellashtirishda yangi hisoblash yondashuvlariga yo‘l ochishi mumkin.