TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. So‘nggi hafta, 18–25 yanvar kunlari Ukraina va xorijiy OAV hamda Telegram-kanallarida hududiy butlash markazlari (HBM) — harbiy komissariatlar faoliyati bilan bog‘liq qator shov-shuvli holatlar muhokama qilindi.
Chernovsida tarqalgan videoda guvohlar aralashib, harbiy komissariat xodimlarining erkakni olib ketishiga to‘sqinlik qilgani aytiladi.
Dnepropetrovsk viloyatida UPChning Muqaddas Ruh monastiri ruhoniysi ota Andrey Ilman uyi yonida qo‘lga olingani haqida Telegram-kanallarda xabar berildi. Avvalroq deputat Artom Dmitruk UPChning bir necha ruhoniylari safarbar etilganini ma’lum qilgan edi.
Shu hududda krishnait va patsifist Aleksandr Shirkov haqida ham yozildi. Xabarlarga ko‘ra, u Konstitutsiyada belgilangan muqobil fuqarolik xizmati huquqini talab qilgan, ammo safarbar qilinib, birinchi topshiriqda halok bo‘lgan.
"Strana.ua" nashri harbiy xizmatchiga tayanib xabar berishicha, Odessada safarbar etilganlar orasida giyohvandlikka moyilligi, salomatlik muammolari bor va keksa yoshdagi fuqarolar ham uchrayotgani aytilgan.
Ukraina Davlat tergov burosi Nikolayev viloyatida harbiy xizmatga majburlarni sog‘lig‘i bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarsiz ro‘yxatdan chiqarish bilan bog‘liq sxemani oshkor qilganini ma’lum qildi. Tergovga ko‘ra, bunday "xizmat" uchun 10 ming dollargacha pul olingan.
OAVlarda Slovakiya bilan chegaradagi holat ham yoritildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, reys avtobusi haydovchisi nazorat punktida harbiy komissariat qidiruvida ekanini bilib, avtobusni orqaga burgan va Slovakiya tomon yo‘l olgan. Chegarachilar transportni to‘xtatgan, biroq haydovchi yo‘lovchilar va avtobusni tashlab, qochib ketgani aytiladi.
Izmailda avtoservis xodimlari ish joyidagi avtoslesarni olib ketmoqchi bo‘lgan harbiy komissariat xodimlari bilan mushtlashgan.
Rovnoda ham erkakni qo‘lga olishda kuch ishlatilgani aks etgan videolar tarqaldi.
Poltavada esa erkak yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi hojatxonaga yashiringan. Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, harbiy komissariat xodimlari uning ortidan kirib, hojatxona eshigini buzib ochgan va erkakni u yerdan olib ketgan.
Shuningdek, onkologik kasallikka chalingan erkak nogironlik guruhidan mahrum qilinib, xizmatga yaroqli deb topilgani haqidagi holat ham muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, Ukrainaning App Store va Google Play platformalarida "Vtecha z TSK" ("HBMdan qochish") nomli o‘yin paydo bo‘lgani xabar qilinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yin "harbiy qamoqxonadan qochish" simulyatori bo‘lib, o‘yinchiga yer osti tunnellari qazish, qo‘riqchilarni aylanib o‘tish, ko‘nikma va asboblarni takomillashtirish, shuningdek, boshqa mahbuslar bilan buyum almashish imkoniyati taklif qilinadi.