Nipax virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan - Sanepidqo‘mita

Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Nipah virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan va uning mamlakatga kirib kelish ehtimoli juda past. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi (Sanepidqo‘mita) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Nipah — hayvonlardan insonga yuqadigan zoonoz kasallik bo‘lib, ko‘rshapalaklar orqali hamda zararlangan oziq-ovqat va odamdan odamga yuqishi mumkin. Virus bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan og‘ir holatlarni keltirib chiqaradi.
So‘nggi yillarda virus epidemiyalari asosan Hindistonda kuzatilmoqda, ayrim holatlar Janubiy-Sharqiy Osiyoda ham qayd etilgan.
Hindistonga safar qiluvchilarga shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, qo‘llarni sovun bilan yuvish, mevalarni iste’moldan oldin yuvish, tekshirilmagan suvni ichmaslik va ko‘rshapalaklar zararlagan mevalarni iste’mol qilmaslik tavsiya etildi.
Yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i yoki boshqa alomatlar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, kasalliklarning kirib kelishini oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktida doimiy nazorat olib borilmoqda.
Bolalar orasida "g‘ayriodatiy" infeksiya tarqalayotgani haqidagi xabar rad etildi