TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Qozog‘istonda Bosh prokuratura huzurida noqonuniy orttirilgan aktivlarni aniqlash va davlatga qaytarish bilan shug‘ullanadigan Aktivlarni qaytarish xizmati tashkil etilmoqda. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, yangi tuzilma Bosh prokuraturaning tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, monitoring, tahlil va tekshirish boshqarmalaridan iborat bo‘ladi.
Xizmatning asosiy vazifalari noqonuniy olingan, shu jumladan xorijga olib chiqib ketilgan aktivlarni davlatga qaytarish choralarini ko‘rish hamda bu yo‘nalishda xalqaro-huquqiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 5-oktabrda Bosh prokuratura huzurida Aktivlarni qaytarish qo‘mitasi tashkil etilgan. 2025-yil sentabrda uning nomi "Noqonuniy aktivlarni qaytarish qo‘mitasi" deb o‘zgartirilgan, dekabr oxirida esa u Investorlar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgan.