ATTO: almashinuv tarifi yo‘lovchilarga milliardlab so‘m tejab berdi

Jamoat transportida bir soat ichida yo‘l almashtirgan yo‘lovchi kamroq to‘laydi. Shu tartib 2025-yilda aholiga 36,9 milliard so‘m tejash imkonini berdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. 2025 yilda jamoat transportida ATTO transport va virtual kartalari orqali to‘lov qilingan safarlar soni 162,4 milliontani tashkil etdi. Bu haqda “Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan 124,7 milliontasi avtobuslarga, 37,7 milliontasi metropolitenga to‘g‘ri keladi.
Almashinuv tarifi tufayli yo‘lovchilar birinchi safar uchun 1700 so‘m, bir soat ichidagi ikkinchi safar uchun 1100 so‘m, uchinchi safar uchun esa 700 so‘m to‘lash imkoniga ega bo‘ldi.
Avtobuslarda ushbu tariflar bo‘yicha to‘lovlar hajmi:
1700 so‘mlik safarlar — qariyb 93 milliard so‘m;
1100 so‘mlik safarlar — 4,8 milliard so‘m;
700 so‘mlik safarlar — 3,8 milliard so‘mni tashkil etdi.
Metropolitenda esa:
1700 so‘mlik safarlar — 30 milliard so‘m;
1100 so‘mlik safarlar — 7,5 milliard so‘mni tashkil qildi.
2025 yil davomida aynan almashinuv tariflari hisobiga yo‘lovchilar 36,9 mlrd so‘m mablag‘ni tejashga erishdi.
Yil davomida naqd pulsiz to‘lovlar hajmi ham jadal o‘sdi. Tranzaksiyalar soni 35,7 foizga oshib, 2024-yildagi 510 milliondan 692 millionga yetdi.
To‘lov turlari bo‘yicha o‘sish:
transport kartalari — 213 million tranzaksiya (+52%);
bank kartalari — 387,4 million (+165%);
virtual kartalar — 6,4 million (+234%).
Hududlarda ham tranzaksiyalar soni 483 foizga oshdi.
Mutaxassislar bu o‘sishni poytaxt jamoat transportida naqd pul hisob-kitoblarining bekor qilinishi va raqamli to‘lovlarga tez o‘tish bilan izohlamoqda.
Tirbandlikni kamaytirish va jamoat transporti: Toshkentda ayrim ko‘chalarda harakat o‘zgaradi