TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi OAV sohasida faoliyat yuritgan deyarli barcha inson huquqlari tashkilotlarining litsenziyasini bekor qildi. Bu haqda RIA Novosti "Pajhwok" agentligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qarorga tashkilotlar faoliyatidagi noprofessionallik va jurnalistlar hamda media tashkilotlardan tushgan doimiy shikoyatlar sabab bo‘lgan.
Litsenziyalar faqat uchta tuzilmaga uzaytirildi:
Afg‘oniston jurnalistlari va OAVni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti (AMSO),
Afg‘oniston matbuot markazi (APC),
Afg‘oniston jurnalistlari xavfsizligi qo‘mitasi (AJSC).
Vazirlik bayonotida aytilishicha, ayrim tashkilotlar uzoq vaqtdan beri faollik ko‘rsatmagan, boshqalari esa OAV muammolarini hal qilish o‘rniga qo‘shimcha qiyinchiliklar keltirib chiqargan hamda xalqaro miqyosda afg‘on mediaga ishonchga putur yetkazgan.
Shu asosda vazirlik mazkur uch tashkilot litsenziyasini uzaytirish, qolganlarini esa bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.