O‘zbekistonga 100 ming ziyoratchi: Malayziya bilan “Umra +” turizm dasturiga start berildi

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida “Umra +” turizm dasturi bo‘yicha memorandum imzolandi. Loyiha ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari uyushmasi va Malayziya turizm operatorlari uyushmasi o‘rtasida “Umra +” turizm dasturi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolanib, qo‘shma amaliy loyihalarga start berildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida ushbu dasturni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan media-brifing tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari uyushmasi, “Uzbekistan Airways” AJ, shuningdek Malayziyaning “MATA”, “Bumitra” va “PAPUH” kabi ziyorat turizmi, haj va umra bo‘yicha sayyohlik assotsiatsiyalari, mahalliy turkompaniyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonda turizmdagi islohotlar, 2026–2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazish rejalari va turoperatorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Qatnashchilarga Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarining ziyorat turizmi salohiyati taqdim etildi. Ayniqsa, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasi alohida qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, 18-iyun kuni Malayziyada va 27–28 iyun kunlari O‘zbekistonda Butunjahon ziyorat turizmi festivalini birgalikda o‘tkazishga kelishib olindi.
“Umra plyus”: ayrim davlatlardan kelgan har bir sayyoh uchun turoperatorlarga $100 to‘lanadi