TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. DXX va IIV hamkorligida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tezkor-qidiruv tadbirlari davomida bir nechta jinoyatlar fosh etildi. Bu haqda DXX matubuot xizmati xabar berdi.
Hususan, Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 1995, 1998 va 2002-yillarda tug‘ilgan uch nafar shaxs kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi, 2004-yilda tug‘ilgan fuqaroni avtomashinaga majburlab o‘tqazib, o‘zlarini go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari sifatida tanishtirgan.
Jinoiy guruh a’zolari tovlamachilik yo‘li bilan uning 100 ming AQSh dollariga teng kriptovalyutasini o‘zlashtirib, evaziga 160 ming dollar qalbaki pul bergan. Tezkor tadbirda gumonlanuvchilar ushlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Surxondaryoda Tojikiston fuqarosi noqonuniy ushlab turilib, qiynoqqa solingan
Denov shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan 1993-yilda tug‘ilgan shaxs Dushanbe shahrida yashovchi Tojikiston fuqarosini qarz masalasi ortidan garov sifatida ushlab turgan.
Pul o‘z vaqtida qaytarilmaganidan so‘ng, jabrlanuvchi noqonuniy ravishda tutqunlikda saqlanib, unga og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Xorazmda “ko‘cha yechimchilari” ushlandi
Urganch, Xiva shaharlari va Bog‘ot tumanida yashovchi 1991, 1996 va 1997-yillarda tug‘ilgan uch nafar shaxs o‘z hududlarida “ko‘cha yechimi” bilan shug‘ullanib, zo‘ravonlik va boshqa jinoyatlar sodir qilib kelgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Yangiariqda xonadonda qimorxona tashkil qilingan
Xorazm viloyati Yangiariq tumanida 1965-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z uyida noqonuniy qimor o‘yinlari tashkil qilgan. Tadbir davomida u yerda qimor o‘ynayotgan 5 nafar shaxsdan 32 million so‘m va o‘yin kartalari olindi.
Andijon viloyatida 20 kilogrammdan ortiq marixuana saqlanayotgani aniqlandi
Jalaquduq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 1950-yilda tug‘ilgan fuqaro uyida sotish maqsadida 20 kg 400 gramm marixuana saqlab kelayotgani fosh etildi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.