TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) ijroiya qo‘mitasining yakuniy qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston 2027-yilda Los-Anjeles–2028 Olimpiadasiga litsenziya beruvchi musobaqaga mezbonlik qiladi. Bu haqda mamlakat Og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ijroiya qo‘mita a’zolari tomonidan O‘zbekiston nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.
“Bu qaror O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi obro‘-e’tibori, yuqori tashkiliy salohiyati hamda og‘ir atletika yo‘nalishida erishilgan yutuqlarining yaqqol e’tirofidir”, - deyilgan xabarda.
Mazkur nufuzli saralash musobaqalari Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, saralash musobaqalariga mezbonlik qilish huquqini O‘zbekistondan tashqari Qatar, Peru, Venesuela hamda Tailand ham qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, saralash musobaqalariga mezbonlik qilish huquqini O‘zbekistondan tashqari Qatar, Peru, Venesuela hamda Tailand ham qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, Los-Anjeles–2028 Olimpiya o‘yinlariga qadar litsenziya beruvchi saralash musobaqalari bor-yo‘g‘i besh marotaba o‘tkaziladi.