Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “Medflora” mahsuloti bo‘yicha ogohlantirdi

Nazorat tadbirlarida ayrim tibbiyot mahsulotlari sifatida kamchiliklar aniqlanmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. “Medflora” MChJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 70 foizli tibbiyot etil spirti normativ hujjat talablariga javob bermaydi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, markazning Postmarketing nazorati bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida mazkur mahsulot xarid qilinib, laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilgan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, “Medflora” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 70 foizli tibbiyot etil spirti (ishlab chiqarilgan sana: 2022-yil fevral, yaroqlilik muddati: cheklanmagan, seriya: 210222) belgilangan normativ talablarga mos emasligi aniqlangan.
Shuningdek, tekshiruvlar davomida mahsulot ishlab chiqarish jarayoni Yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) hamda O‘z DSt talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Sifatsiz mahsulotni chaqirib olganlar jarimadan ozod bo‘ladi