O‘zbekistonda "Aqlli" migratsiya shoxobchalari joriy etiladi

Migratsiya sohasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt asosida xizmat ko‘rsatish va chet el fuqarolari uchun yangi tartiblarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyati raqamlashtiriladi. Bu bo‘yicha tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-maydan eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo‘linmasida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega, sun’iy intellekt asosidagi "Aqlli" migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi.
Eksperiment doirasida:
dastlabki bosqichda "Aqlli" migratsiya shoxobchalarida belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi;
keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish orqali taqdim etiladigan xizmatlar turlari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-maydan Migratsiya va personallashtirish departamenti hamda uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalari amal qilish muddatini bir marta, 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, chet el fuqarolariga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati ham Departament va uning hududiy boshqarmalariga yuklanadi.
2026 yil 1-sentabrdan talabalarni yotoqxonaga joylashtirish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda ularni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.
Yagona darcha, kasbga tayyorlash, firibgarlarga jinoiy javobgarlik: migratsiyada o‘zgarishlar