TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Qizilo‘rda shahrida Qozog‘iston Milliy qurultoyining V yig‘ilishida davlat rahbari Qasim-Jomart Toqayev nutq so‘zladi.
Nutqda Orolni saqlab qolish hanuz butun insoniyat uchun dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.Yillar davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida Shimoliy Orol saqlab qolingani, Kichik Orol tiklana boshlagani hamda uning suv hajmini yanada oshirish imkoniyati paydo bo‘layotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Orol muammosi faqat Qozog‘iston ixtiyorida emasligi qayd etildi. Mamlakatdagi yirik darolarning aksariyati qo‘shni davlatlar hududidan boshlanishi, Sirdaryoga kelib tushayotgan suv hajmi daryo boshida joylashgan mamlakatlar siyosatiga bog‘liq ekani aytildi.
Nutqda Al-Forobiy, Yassaviy va Abay ta’limotlari millat ma’naviyatining ustuni ekani ta’kidlandi. Davlat rahbari buyuk ajdodlar merosini faqat yubileylar doirasida emas, balki ilmiy anjumanlar orqali muntazam targ‘ib qilish zarurligini bildirdi.
Shuningdek, qiz olib qochish odam o‘g‘irlashga teng ekani, bu millat obro‘siga putur yetkazuvchi qo‘pol jinoyat ekani aytildi va bunday holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Jamiyatda fuqarolik mas’uliyati oshib borayotgani, qonunchilikdagi o‘zgarishlar ham shu jarayonlarga mos bo‘lishi lozimligini bildirildi.