TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyihada "ishonchning huquqiy himoyasi" prinsipi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organi qaror yoki hujjatiga ishonib, vijdonan harakat qilgan fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari himoya qilinadi, davlat organi xatosi uchun halol faoliyat yuritgan shaxs javobgar bo‘lmaydi.
Shuningdek, ma’muriy sud ishlarida dastlabki eshituv instituti joriy etilib, sud muhokamasigacha dalillarni to‘plash, da’vo talablarini aniqlashtirish va taraflarni kelishtirish imkoniyati yaratiladi.
Davlat organlari mansabdor shaxslarining sud majlislarida majburiy ishtiroki belgilanadi va asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdorlarga nisbatan jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda. Bu sud jarayonlarida ochiqlik va tortishuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, sudga hurmatsizlik qilganlik yoki sud hujjatlarini ijro etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish vakolati bevosita ma’muriy sudlarga beriladi.