TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Agar u yoki bu ssenariy bo‘yicha Grenlandiya AQSh tarkibiga qo‘shib olinganida, bu Donald Tramp nomini tarixda abadiy qoldirgan bo‘lar edi. Bu fikrni Rossiyaning "Natsionalnaya oborona" jurnali” bosh muharriri Igor Korotchenko “SputnikLive”ga bergan intervyusida bildirdi.
Shu bilan birga, ekspert Grenlandiyaning ehtimoliy qo‘shib olinishini Luiziananing sotib olinishi bilan qiyoslash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.
“Sababi, biz XXI asrda yashayapmiz va bugun mutlaqo boshqa voqelik hukmron. Agar Tramp Grenlandiyani "yutib yuborsa", bu dunyo miqyosidagi hayratlanarli voqeaga aylanadi. Bunday ssenariyning o‘ziyoq butun jahonni lol qoldirmoqda”, — dedi u.
Korotchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam xalqaro huquq normalariga zid hisoblanadi. U bu holat AQSh iqtisodiy raqobatda ustunlikka erisha olmagan joylarda harbiy-siyosiy usullar orqali kuchlar muvozanatini o‘zgartirishga urinayotganini yana bir bor ko‘rsatayotganini qayd etdi.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, u Grenlandiyani qo‘shib olishga bo‘lgan urinishni AQSh va Xitoy o‘rtasidagi global qarama-qarshilik prizmasida baholaydi.
“AQSh dunyodagi birinchi raqamli iqtisodiy derjava maqomini asta-sekin yo‘qotmoqda, Xitoy esa yetakchi o‘rinlarga chiqmoqda. Shu bois Trampning barcha tashabbuslarini aynan AQSh-Xitoy global raqobat nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish kerak”, — deya xulosa qildi Korotchenko.