TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonlari harbiy qismdan qochgani yoki asirga tushgani uchun jangchilarning oila a’zolarini “jamoat ta’qibi” bilan qo‘rqitayotgani aytildi. Bu haqda RIA Novostiga “Piton” chaqiruv belgisi bilan tanilgan "Janub" qo‘shinlari guruhi zobiti ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asirga tushgan harbiylar aytishicha, ularga quyidagicha ogohlantirish berilgan:
"Agar siz SOChga (qismni o‘zboshimchalik bilan tark etish — tahr.) ketsangiz, yoki jangovor pozitsiyalarni tark etsangiz, yoki asirga tushsangiz, sizga 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Bundan tashqari, oilangizga bosim bo‘ladi. Tushunishimcha, qandaydir maxsus xizmatlar tomonidan emas, shunchaki ta’qib. Ya’ni qo‘shnilar, qandaydir tanishlar — hamma bu odam asirga tushganidan xabardor bo‘ladi", — dedi "Piton".
Uning fikricha, ko‘plab jangchilar oila a’zolari taqdiri uchun qo‘rqqani sababli taslim bo‘lishga jur’at etmaydi. Bunday ta’qiblar ukrainalik “jamoat faollari” tomonidan uyushtirilishi mumkin. Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari jangchilarining oldingi chiziqda yo‘l-yo‘riqdan adashib qolishi ham qo‘shimcha omil sifatida qayd etildi.
"Balkim, qochib ham ketishardi. Lekin ular qayoqqa qochishni bilishmaydi. Ularni yangi joyga olib kelishadi, qandaydir chuqurga o‘tqazishadi. Ular o‘sha yerda o‘tirishadi va qayerda ekanliklarini bilmaydi. Ya’ni, biz allaqachon oldinga siljib ketgan bo‘lamiz. Odam esa ikki oydan beri bizning frontimiz ichkarisida o‘tiribdi. Biz uni topib olganimizda, u nima bo‘lganini tushunmaydi. U “maugli”ga o‘xshaydi, yovvoyi odamdek o‘tirgan bo‘ladi", — dedi "Piton".