DXX: Toshkent viloyatidagi xonadonlarda 17,5 tonna qimmatbaho metallli qum-tosh aniqlandi

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy aylanmaga aloqador katta hajmdagi ashyoviy dalillar musodara qilinib, bir qator shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yildi
Sputnik
TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Ohangaron tumani, Angren va Olmaliq shaharlarida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 9 nafar fuqaroning xonalarida jami 17,5 tonna tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan qum va toshlar aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirlar Toshkent viloyatining DXX boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida kriminogen vaziyatni sog‘lomlashtirish va qimmatbaho metallarning noqonuniy muomalasiga aloqador jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan.
Tadbirlar davomida qum va toshlarga ishlov berishda foydalanilgan asbob-uskunalar, 135 gramm oltin, 25 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi, 1 dona ov quroli hamda 42 dona o‘q-dori ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ayni paytda barcha ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Buxoroda 35 ming dollarga simob sotmoqchi bo‘lgan ikki shaxs qo‘lga olindi