TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlar natijalari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda 2025-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro madaniy tadbirlar natijalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Soha faoliyatini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilandi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sayyohlik yig‘imidan yillik tushumlarni oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Mamlakat turizm salohiyatini AQSh, Fors ko‘rfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish bo‘yicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Xalqaro turistik platformalarda ishtirokni kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish hamda yirik media resurslar va fikr yetakchilarini jalb qilish vazifalari belgilandi.
Taqdimotda yirik madaniyat va turizm obyektlari loyihalari ham muhokama qilindi. Jumladan, Samarqandda Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini bog‘laydigan “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Samarqandda yangi “Ipak yo‘li” muzeyi qurish, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududini kompleks obodonlashtirish loyihalari taqdim etildi.
Shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, ko‘p funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish nazarda tutilgan.