TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat berildi. Bu Prezident imzolagan qarorda belgilangan.
Imtiyoz paxta tayyorlash faoliyatining mavsumiyligi hisobga olingan holda joriy etildi va 2028-yil 1-yanvargacha amal qiladi.
Qarorga muvofiq, yengil sanoat korxonalarida 1-yanvardan boshlab quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan, korxona ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini sotish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2029-yil 1-yanvarga qadar:
tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilinadi;
tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan 1-yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi;
charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari va chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.