TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining birinchi bosqichi rasman boshlandi. Bu haqda Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Ma’lumotga ko‘ra, mazkur bosqich doirasida 17 kun davomida fuqarolar census.stat.uz rasmiy veb-sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, xorijda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolar uchun ham mavjud. Ular istalgan joydan yagona identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘ta oladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi bo‘yicha videoqo‘llanma rasmiy YouTube sahifasi orqali taqdim etilgan. Shuningdek, onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar orasida tasodifiy tanlov asosida qimmatbaho sovg‘alar o‘ynab berilishi ma’lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim fikrlarga javoban, saytda joylashtirilgan barcha matnlar va savolnomalar 7 ta tilda, til meyorlariga to‘liq rioya etilgan holda tayyorlangani qayd etildi. Matnlar Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazi hamda Respublika ta’lim markazi tomonidan tekshirilib, tegishli tartibda tasdiqlangan.
Shu bilan birga, ko‘p sonli foydalanuvchilarning bir vaqtning o‘zida murojaat qilishi sababli qisqa muddatli texnik uzilishlar kuzatilishi mumkinligi ogohlantirildi.
Ta’kidlanishicha, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida savollar yuzaga kelgan taqdirda ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilishi yoki 1851 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.