TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Rossiya Davlat Dumasining moliya bozori bo‘yicha qo‘mitasi mehnat muhojirlariga pul o‘tkazishni cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda rad etishni tavsiya qildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlariga chet elga pul o‘tkazish faqat rasman tasdiqlangan ish haqi miqdori bilan cheklanishi kerak edi.
Ya’ni, agar ish haqi rasmiy hujjatlarda kam ko‘rsatilgan bo‘lsa, undan ortiq pulni xorijga yuborish taqiqlanishi kerak edi.
Qonun loyihasi mualliflari bu orqali:
pul o‘tkazmalarini shaffof qilish,
migrantlar daromadini “soya iqtisodiyoti”dan chiqarish,
davlat budjetiga soliq tushumlarini oshirish mumkin, deb hisoblagan.
Biroq, Duma qo‘mitasi bu taklifni samarasiz deb topdi. Qo‘mita xulosasiga ko‘ra:
kim qancha pul o‘tkazayotganini va u maoshiga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi — nazorat qilish mexanizmi yo‘q;
qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan;
amalda bu qonun qanday ishlashi aniq yozilmagan.
Rossiya hukumati ham ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi. Vazirlar Mahkamasiga ko‘ra:
daromadning qonuniyligini qanday tasdiqlash,
deklaratsiyani qanday topshirish,
ma’lumotlarni kim va qanday tekshirishi kabi masalalar ochiq qolgan.
Bundan tashqari, hukumat ogohlantirishicha, bunday cheklovlar kutilgan natijaning aksini berishi mumkin. Xususan:
muhojirlar pulni rasmiy yo‘llar bilan emas, naqd ravishda olib chiqishga o‘tishi ehtimoli bor;
bu, ayniqsa, YeOII mamlakatlariga rublni bojxona nazoratisiz olib chiqish hajmini oshirishi mumkin.