TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida politsiya tomonidan mehmonxona (xostel) orqali migrantlarni ommaviy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq holat fosh etildi va ish doirasida MDH davlatlaridan birining fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, jinoyatga aloqador shaxslar kelganlarni xostelda ro‘yxatdan o‘tkazgan, ammo aslida ular ushbu manzilda yashamagan.
"Politsiyachilar jinoyatchilar kelganlarni Moiseyenko ko‘chasidagi xostelda ommaviy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazganini aniqladi, biroq aslida migrantlar u yerda yashamagan. Shu tariqa nazorat organlaridan 1742 nafar xorijlikning haqiqatda yashash joyi yashirilgan", — deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, MDH davlatlaridan birining fuqarosi noqonuniy migratsiyani tashkil etishda gumonlanib qo‘lga olingan. Xostelda o‘tkazilgan tintuv davomida mehmonlarning hujjatlari tekshirilib, ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan materiallar olib qo‘yilgan.
Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining chet el fuqarolarini soxta ro‘yxatga olish bilan bog‘liq moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.