TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodiga tashrif buyurib, korxonada amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari natijalari hamda yangi yuqori texnologik bo‘linmalar faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, zavod negizida MDH va mintaqa hududida yagona bo‘lgan Airbus vertolotlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirilgan.
Markazda G‘arb aviatexnikasining zamonaviy modellari, jumladan H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolotlar uchun servis va ta’mirlash ishlarining to‘liq sikli yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, prezidentga zavodning Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta’mirlash va chuqur modernizatsiya qilishga mo‘ljallangan yangilangan sexlari taqdim etildi.
Ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hisobiga korxonada aviatexnikani zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi ko‘rish qurilmalari hamda bortdagi o‘zini himoya qilish komplekslari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Tashrif yakunida davlat rahbari sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.