TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. 2026 yil yakunigacha Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi doirasida sayyohlarni jalb qilayotgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 dollar miqdorida subsidiya ajratiladi. Bu haqda “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi bo‘yicha qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, subsidiyalar Turizm qo‘mitasi tomonidan ajratiladi. Shuningdek, 2026-yil 15-yanvardan boshlab Malayziya va Indoneziyada “Umra plyus” dasturi bo‘yicha kuchaytirilgan targ‘ibot kampaniyasi amalga oshiriladi.
Shuningdek, turoperator va turagentlar tomonidan Milliy turizm yagona platformasi orqali “Umra plyus” dasturi asosida shakllantirilgan turistik mahsulotlarning onlayn sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturni amalga oshirish uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida o‘quv-amaliyot laboratoriyasi tashkil etiladi. Shu bilan birga, akademiya hamda Malayziyaning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Turizm va mehmondo‘stlik” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.