Bugun Toshkentda tantanali harbiy yurish sabab ayrim ko‘chalarda harakat vaqtincha cheklanadi

Poytaxtda Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34-yilligi munosabati bilan harbiy bo‘linmalarning tantanali piyoda yurishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. 12 yanvar kuni Toshkent shahridagi ayrim ko‘chalarda soat 11:00 dan 13:00 gacha avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan poytaxtda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy bo‘linmalarining tantanali piyoda yurish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Yurish Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan (mo‘ljal: “Pushkin” metro bekati) soat 11:00 da boshlanib, 13:00 ga qadar davom etadi.
‍V Tashkente 12-yanvarya sostoitsya torjestvennoe shestvie voinskix podrazdeleniy, priurochennoe k 34-y godovshine sozdaniya VS Uzbekistana
Harbiy bo‘linmalar dastlab boshlanish nuqtasidan “Parkent” va “Mustaqillik” ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Amir Temur xiyobonidagi to‘xtash nuqtasiga yetib boradi. U yerda faxriy qorovul jamoasi va qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari, bo‘linmalarning jangovar chaqiriqlari hamda harbiy orkestrning defile namoyishlari o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng bo‘linmalar “Mustaqillik” va “Temiryo‘l” ko‘chalari orqali manziliga qaytadi.
Toshkentda "Otliq kavaleriya paradi" bo‘lib o‘tdi — foto