TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Qarshi shahrining transport Bosh rejasiga muvofiq belgilangan 4 ta yo‘nalishga joylashtirish uchun jami 43 dona yangi avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Sharofiddin-Nurillo”, “Beshkent Qarshi Trans Servis”, “DilSamo-Nur” korxonalari tomonidan 37 dona Yutong rusumli avtobus, “Bazarcha” korxonasi tomonidan esa 6 dona Aziastar rusumli avtobus xarid qilindi.
Natijada Qarshi shahrida brutto-shartnoma tizimi asosida xizmat ko‘rsatayotgan avtobus yo‘nalishlari soni 12 taga, ushbu yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslar soni esa 139 taga yetdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur avtobuslar bir kunda 150 ming nafar aholiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatish quvvatiga ega. Shuningdek, joriy yilda 5 ta tashabbuskor tadbirkor tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan yana 100 dona zamonaviy avtobus xarid qilish hamda ularni 9 ta brutto-shartnoma yo‘nalishiga joylashtirish rejalashtirilgan.