Erondagi noroziliklarga Isroil va AQSh aloqador — mamlakat rasmiylari

Tehron rasmiylari mamlakatdagi tartibsizliklarda Isroil va AQShni aybladi. Shu bilan birga, Eron TIV rahbari norozilik namoyishlari bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida ekanini bildirdi
Sputnik
TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Tehronda AQSh va Isroilning norozilik namoyishlariga aloqadorligi haqida "ko‘plab dalillar" mavjud. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi xorijiy davlatlar elchilari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Arakchining ta’kidlashicha, Eronda kuzatilayotgan tartibsizliklar tashqi kuchlar ta’sirisiz o‘tmayapti. U Isroil OAVlarida Isroilning Erondagi operatsiyalari haqida chiqqan ma’lumotlar, shuningdek, AQShning sobiq davlat kotibi Mayk Pompeoning ijtimoiy tarmoqdagi postlarini tashqi aralashuvga dalil sifatida keltirdi. Unda Erondagi namoyishchilar va ular bilan birga harakat qilgan, deb aytilgan Isroil razvedka xizmati — Mossad agentlari haqida so‘z yuritilgan.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian 11-yanvar kuni xalqqa murojaatida iqtisodiy islohotlar davom ettirilishini va muammolar hal etilishini va’da qildi.
Shu bilan birga, u AQSh va Isroilni tartibsizliklarni uyushtirishda ayblab, radikallar fuqarolarning haqiqiy talablarini almashtirib qo‘ymasligi uchun odamlarni ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.
Eronda norozilik namoyishlari 2025-yil dekabr oyi oxirida milliy valyuta — rialning keskin qadrsizlanishi ortidan boshlangan. Dastlab namoyishchilar valyuta kursining o‘zgarishi va uning kundalik narxlarga ta’siridan norozi bo‘lgan.
8 yanvardan boshlab namoyishlar faollashdi. Bu jarayon 1979-yilda taxtdan ag‘darilgan Eron shohining o‘g‘li Rizo Pahlaviy chaqiriqlari bilan bog‘lanmoqda. O‘sha kuni mamlakatda internet aloqasi uzilib qolgani ham xabar qilingan.
Reuters agentligi AQShda joylashgan huquq himoyachilariga tayanib, noroziliklar boshlanganidan beri kamida 466 kishi halok bo‘lganini xabar qildi.
Agar Vashington hujum qilsa, Eron Isroil va AQSh bazalariga zarba beradi