TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Xitoyning Wanlin Group kompaniyasi O‘zbekistonda don va dukkakli ekinlar, sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov kompaniya rahbari Li Yantao boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan lalmi va yaylov yerlarini ko‘zdan kechirdi hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sohasida qator investitsiya loyihalari taklif etildi. Yakunda tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.