TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Qo‘shko‘pir tumanida bir necha yillardan buyon jigar yetishmovchiligidan aziyat chekib kelayotgan 54 yoshli Ra’no Matoqubovaga Xorazm viloyatida ilk bor jigar transplantatsiyasi operatsiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kasallik eng yuqori bosqichga o‘tgach, yagona davolash yo‘li sifatida jigar transplantatsiyasi qolgan.
Keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorning o‘g‘li Jalolbek Xo‘jayev donor sifatida barcha tibbiy ko‘rsatkichlarga mos kelishi tasdiqlangan. Operatsiya 8 soat davom etgan.
Ta’kidlanishicha, Xorazm viloyatida jigar sirrozi tashxisi bilan 500 nafardan ortiq kishi ro‘yxatga olingan bo‘lib, mazkur amaliyotning ahamiyati shu orqali yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ayni paytda bemor ham, donor ham o‘zini yaxshi his etmoqda.