To‘rt yilda temir yo‘llarda yo‘lovchi tashish ikki baravardan ortiq oshiriladi

Qabul qilingan qarorda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish, elektropoyezdlar qatnovini kengaytirish hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish ko‘zda tutilgan
Sputnik
TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekistonda 2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichini 10,5 mln nafardan 23,5 mln nafarga yetkazish maqsad qilib belgilandi. Bu haqda prezident imzolagan 2030-yilga qadar temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirishga oid qarorda qayd etilgan.
Shuningdek, qarorda elektropoyezdlar qatnovi tashkil etilgan yo‘nalishlar sonini 40 tadan 53 taga yetkazish nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning ustuvor vazifalari etib belgilandi, jumladan:
uzunligi 465 km bo‘lgan, elektrlashtirish ishlari yakunlangan “Buxoro–Xiva” temir yo‘l liniyasi orqali 2026-yildan boshlab Toshkent–Urganch–Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish;
uzunligi 196 km bo‘lgan “Miskin–Nukus” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlarini 2026-yil yakuniga qadar tugatib, ushbu yo‘nalishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish;
Angren–Pop hamda Toshguzar–Boysun–Qumqo‘rg‘on temir yo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilish orqali 2030-yilgacha Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga tezurar elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish.
O‘zbekistonda elektrlashtirilgan ikkita yangi temir yo‘l quriladi, yangi yo‘nalishlar ochiladi