TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Rostov viloyati iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olga Popelnuxa bilan uchrashuvda Jizzax va Rostov o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda Jizzax va Rostov-na-Donu shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Rossiya tomoni Rostov viloyatining agrar salohiyatiga to‘xtalib, iqlim sharoitlari o‘xshashligi qishloq xo‘jaligida tajriba almashish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish uchun qulay ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni esa qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, seleksiya va urug‘chilik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro biznes missiyalari va tadbirkorlar tashrifini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Rossiya tomoni Jizzax viloyati delegatsiyasining Rostovga tashrifini uyushtirishga tayyor ekanini bildirdi.