TOShKENT, 29 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Prezident Mirziyoyev Avaza shahrida o‘tkazilgan yirik sammitlar, shuningdek, Ashxobodda Turkmanistonning betarafligining 30-yilligi va “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” munosabati bilan tashkil etilgan forumlar muvaffaqiyatli o‘tganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, kelgusi yilga mo‘ljallangan oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqilib, xalqaro va mintaqaviy tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni davom ettirishga kelishib olindi.