TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorda belgilangan.
Qarorning asosiy maqsadi quyidagi vazifalarni amalga oshirish orqali Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirishdan iborat:
yangi ilmiy ishlanmalar soni va ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga oshirish;
ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha yetkazish;
xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan ilmiy diaspora vakillarini O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilish.
2026 yildan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan barcha ilmiy loyihalar sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifi asosida hamrais nomzodi kiritiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan Fanlar akademiyasi o‘z tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI), shuningdek, ilmiy muassasalar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimini joriy etadi.
Bundan tashqari, 2026-yildan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish hamda strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi.