Yangi farmon: Ijtimoiy reyestr orqali nafaqa va yordamlar — kim va qanday tartibda oladi

2026 yildan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yangicha formatda ishlaydi: oilalar yagona reyestr asosida baholanib, nafaqa va yordamlar avtomatik va aniq mezonlar bo‘yicha tayinlanadi
Sputnik
TOShKENT, 28 dek — Sputnik. 2026 yil 1-fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri asosida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi va unda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.
Bu tartib ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilgan.
Farmonga muvofiq, Ijtimoiy reyestr “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
Shunga muvofiq, bunday oilalar quyidagi toifalarga ajratiladi:
“Davlat ta’minotidagi oila” — agar oila a’zolari mehnatga layoqatsiz bo‘lib, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lsa;
“Kambag‘al oila” — mehnatga layoqatli a’zolari mavjud bo‘lgan, biroq ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar;
“Kambag‘allik chegarasidagi oila” — oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan holatlar.
Davlat ta’minotidagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam ularning bandligiga qaramasdan, avtomatik tarzda to‘lab boriladi.
Kambag‘al oilalarga nafaqa 6 oyga tayinlanadi va mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy ish bilan ta’minlanishi talab qilinadi.
Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga esa yordam 6 oy davomida to‘lanadi, daromad oshgan sari nafaqa miqdori 75 yoki 50 foizgacha kamayib boradi.
Shuningdek, davlat ta’minotidagi oilalar uchun qo‘shimcha ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi. Ularga:
uyiga quyosh panellari o‘rnatish uchun subsidiya,
tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal qilish uchun 2026-yil 1-fevraldan tuman va shahar hokimliklari huzurida apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi. Ular mustaqil faoliyat yuritib, qarorlarni qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘ladi.
Yagona Ijtimoiy reyestr joriy etiladi va bolalarni himoya qilish strategiyasi qabul qilinmoqda