O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 145 mlrd dollardan oshdi - Mirziyoyev

Bu yil oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 60 mlrd dollardan oshdi, investitsiyalar 43,1 mlrd dollarga yetdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 145 mlrd dollardan oshdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnoma taqdim etayotgan chog‘ida ma’lum qildi.
“E’tibor bering, bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda”, – dedi davlat rahbari.
Global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda joriy yil mamlakat eksporti 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi.
“Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi”, - dedi Mirziyoyev.
Bu yil iqtisodiyotga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi.
Ta’kidlanishicha, jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Bu esa iqtisodiyot kelgusi yillarda ham yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sib borishi uchun zamin bo‘ladi.
Prezident 2026-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi