TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekiston tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldosh va fuqaroligi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqqa yo‘llayotgan murojaatnomasi chog‘ida ma’lum qildi.
“Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik. O‘zbekiston kosmonavti bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi. Bu Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi deb ishonaman”, — dedi prezident.
Davlat rahbari 2030-yilga borib, AT xizmatlar eksporti 5 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinganini aytdi
Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bugun minglab iqtidorli yoshlar AT va sun’iy intellekt bo‘yicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant, dron, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etiladi.