TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekistonda banklarda “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Adliya vazirligi tegishli nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, kredit tashkilotlarida moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish chog‘ida kredit tashkilotlarining faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
“Sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbiri Markaziy bank yoki uning hududiy filiallari mas’ul xodimlari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib amalga oshiriladi.
Nazorat tadbiri kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda amalga oshiriladi.
Nazorat tadbirini o‘tkazish uchun Markaziy bank raisining o‘rinbosari yoki Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘ining farmoyishi chiqariladi.
Nazorat tadbirini o‘tkazish uchun 3 ish kunigacha, davomli operatsiyalar (harakatlar) uchun ushbu operatsiyaning (harakatning) oxirgi kunigacha bo‘lgan muddat belgilanadi.
Nazorat tadbiri yakunlangandan so‘ng, “sirli mijoz” tomonidan dalolatnoma tuziladi.