Matbuot markazi

Yangi “elektron retsept” tizimi qanday ishlamoqda — video

Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, elektron retseptlar joriy etish va dori vositalarini nazorat qilish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 25 dek – Sputnik. Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida "O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish. Yangi elektron retseptlar tizimi" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda "Uzinfocom" kompaniyasining sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish bo‘yicha direktori Ruslan Sultanov, Sog‘liqni saqlash vazirligining raqamli texnologiyalarni joriy etish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Navro‘zbek Allaberganov, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassisi Mavluda G‘iyosova hamda Toshkent shahar Yashnobod tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Galina Durmanova ishtirok etdi.
Spikerlar Vazirlar Mahkamasining "Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining asosiy qoidalari haqida ma’lumot berishdi.
SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassisi Mavluda G‘iyosovaning ta’kidlashicha, aholini tibbiyotga yaqinlashtirish, o‘z-o‘zini davolash holatlarini kamaytirish hamda retsept bilan beriladigan dori vositalarini qat’iy nazorat qilish maqsadida elektron retsept tizimi joriy etilmoqda.
So‘nggi yillarda aholining poliklinikaga murojaat qilmasdan, dorixonalar orqali o‘zini-o‘zi davolashi, xususan antibiotiklarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilishi jiddiy muammoga aylangan. Elektron retsept tizimi aynan shu holatlarning oldini olishga qaratilgan.
SSVning raqamli texnologiyalarni joriy etish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Navro‘zbek Allaberganovning qayd etishicha, ilgari retsept bilan beriladigan dorilar tizimi qog‘oz shaklida mavjud bo‘lgan, ammo elektron retseptning ishlash mexanizmi aniq belgilab qo‘yilmagan edi. Endi esa mazkur tartib hukumat qarori bilan tasdiqlanib, shifokor, bemor va dorixona xodimlarining huquq va majburiyatlari aniq belgilab berildi.
Mutaxassislar fikricha, elektron retsept tizimi dori vositalaridan oqilona foydalanish, bemorlarning shifokorga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda davolash sifati va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Keksa, yotoqdagi, poliklinikaga kela olmaydigan bemorlar uchun shifokor uyiga borib, mobil ilova orqali elektron retsept rasmiylashtiradi. Dorini bemorning yaqinlari yoki vakili dorixonadan olib kelishi mumkin.
Qaysi dori retseptli yoki retseptsiz ekanini bilish uchun maxsus onlayn servislar ham ishga tushirilgan.
Batafsil - Sputnik videosida.
Elektron retsept tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi - SSV