Bu yil O‘zbekiston aholisiga Yangi yil dasturxoniga tayyorgarlik o‘rtacha 1,3 million so‘mdan ortiqqa tushadi. Sputnik muxbiri supermarket va bozorlardagi narxlarni o‘rganib chiqdi. Hisob-kitoblar to‘rt-besh kishilik oila uchun an’anaviy bayram taomnomasiga asoslanib amalga oshirildi.
Odatdagi yangi yil taomnomasiga “Olivye” va “Shuba ostidagi selodka” salatlari, sovuq gazaklar, issiq taom, ichimlik va shirinliklar kiradi.
An’anaviy taomlar orasida eng arzon taom hamon “Shuba ostidagi selodka” bo‘lib, uning narxi taxminan 105 ming so‘mni tashkil etadi. Baliq mavjudligiga qaramay, uning qiymatining asosiy qismini narxi nisbatan barqaror bo‘lgan sabzavotlar tashkil qiladi. “Olivye” salatining narxi esa 170 ming so‘m, chunki kolbasa, tuxum va mayonez qimmatroq turadi. Ammo aynan shu salat ko‘pincha katta miqdorda tayyorlanadi va bayramning asosiy ramzi hisoblanadi.
Xarajatlarning sezilarli qismini sovuq gazaklar tashkil etadi. Budjet uchun eng ta’sirchan bandlardan biri qizil ikrali buterbrodlardir - bu noyob taomning narxi ko‘p jihatdan ishlab chiqaruvchiga bog‘liq. Brend va qadoqlanishiga qarab ikra narxi 150 ming so‘mdan 470 ming so‘mgacha o‘zgarib turadi. Nisbatan arzonroq variantlar sifatida shprotli buterbrodlar va kolbasa bo‘laklari hisoblanadi. Umuman olganda, gazaklarga taxminan 535 ming so‘m sarflanadi.
Duxovkada pishirilgan kartoshka bilan tovuqli issiq taom Yangi yil dasturxoni uchun iqtisodiy jihatdan tejamkorroq variantlardan biridir. Uni tayyorlash uchun xaridorlar go‘sht va parranda mahsulotlarini bozorlardan xarid qilishni ma’qul ko‘rishadi. Taxminan 2,5 kilogramm og‘irlikdagi tovuq 100 ming so‘mga yaqin bo‘ladi. Sabzavotlar bilan birgalikda bu issiq taomning umumiy qiymati taxminan 115 ming so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, bozordan, ko‘pincha salatlar uchun baliq va xolodes uchun go‘sht sotib olinadi: tuzlangan seld kilosi taxminan 47 ming so‘m, mol oyog‘i - 80 ming so‘m, yarim kilogramm mol go‘shti uchun esa yana 75 ming so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Desert xarajatlar ro‘yxatida alohida o‘rin egallaydi. Yangi yil savatiga mandarin, shirinliklar va tort kiradi. Jami hisobda shirinliklar taxminan 410 ming so‘m bo‘ladi.
Ichimliklardan ko‘pchilik sharbatlarni afzal ko‘radi - bir qadoq o‘rtacha narxi 12 ming so‘m.
Natijada, to‘rt-besh kishilik oila uchun an’anaviy yangi yil dasturxoni ortiqcha xarajatlarsiz, ammo odatiy va sevimli taomlar bilan o‘rtacha 1 million 371 ming so‘m bo‘lar ekan. Bunda, supermarketlar va bozorlardagi sabzavotlar narxlari deyarli bir xil bo‘lib, barcha hisob-kitoblar o‘rtacha qiymatlar asosida keltirilgan.
Dekabr oyida savdo tarmoqlari mavsumiy chegirmalar taklif qiladi. Oyning ikkinchi yarmi bayramga albatta kerak bo‘ladigan uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun eng qulay payt hisoblanadi. Bunday yondashuv yil oxirgi kunlarida xaridlar sonini kamaytirib, do‘konlardagi navbatlardan voz kechish imkonini beradi.
Batafsil - Sputnik videosida.