TOShKENT, 23 dek — Sputnik. “Ekologik transport” tizimi doirasida jarimalar 2028-yildan joriy etiladi, 2026-yil esa tizimni yo‘lga qo‘yish va haydovchilarni xabardor qilish davri bo‘ladi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tizim avtomobillar va yuk mashinalaridan chiqadigan zaharli gazlar ta’sirini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sirni pasaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, haydovchilar uchun bir qator qulayliklar nazarda tutilgan. Jumladan, texnik sozlash orqali stiker rangini yaxshilash, respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan diagnostika markazlarida avtomobilni tekshiruvdan o‘tkazish mumkin.
Bundan tashqari, yagona elektron tizim va kameralar orqali haydovchilarga qaysi hududlarga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan ogohlantirish beriladi. Shu tariqa, har bir haydovchi belgilangan muddatda avtomobilining texnik holatini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.