TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlat rahbarlarining Yangi yil oldidan o‘tkazilayotgan an’anaviy norasmiy sammitida ishtirok etdi.
Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlarining yillik norasmiy uchrashuvi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburgda tashkil etildi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ish jadvalining tig‘izligi sababli bu safar uchrashuvda ishtirok etmadi.
Rossiya prezidenti tor doiradagi uchrashuvda hamkasblarini Alyaska shtatidagi Ankorij shahrida AQSh tomoni bilan Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha olib borilgan muzokaralar natijalari haqida xabardor qilishi rejalashtirilganligi ma’lum qilingan edi.
An’anaga muvofiq, bunday norasmiy uchrashuvlar doirasida Vladimir Putin MDH davlatlari rahbarlariga Sankt-Peterburg va uning atrofidagi diqqatga sazovor joylarni ko‘rsatdi. Shuningdek, har bir respublika bilan bog‘liq alohida madaniy dastur ham tayyorlangan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlaganidek, mazkur norasmiy uchrashuvlar hamkorlik muhitini mustahkamlash va o‘zaro muloqotni davom ettirishga xizmat qiladi.