TOShKENT, 21 dek — Sputnik. 1991 yil 21-dekabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida 11 ta sobiq sovet respublikasi rahbarlari tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ni tuzish haqidagi Almaota deklaratsiyasi imzolangan edi.
Shu kuni SSSR faoliyati rasman yakunlanib, yangi mustaqil davlatlar o‘rtasida demokratik hamkorlikni ta’minlash maqsadida mazkur tarixiy hujjat imzolandi.
Almaota deklaratsiyasida davlatlar quyidagi prinsiplarga sodiq ekanligi qayd etilgan:
suverenitet va teng huquqlilik;
kuch ishlatmaslik va ichki ishlarga aralashmaslik;
inson huquqlari va milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish;
chegaralarning daxlsizligi va hududiy yaxlitlik.
Hamdo‘stlik a’zolari umumiy iqtisodiy makon yaratish, tinchlikni saqlash va strategik xavfsizlik sohalarida hamkorlik qilish niyatini bildirgan.
Deklaratsiyani O‘zbekiston nomidan o‘sha vaqtdagi prezident Islom Karimov imzoladi. Deklaratsiyani shuningdek, Azerbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Ukraina davlatlari imzolagan.
Ukraina deklaratsiyani imzolagan bo‘lsa-da, MDHning 1994-yildagi ustavini rasman ratifikatsiya qilmagan.
Shu tariqa, 15 ta sobiq sovet respublikasidan 11 tasi yangi siyosiy formatdagi hamkorlikka kelishib oldi. Boltiqbo‘yi davlatlari — Latviya, Litva va Estoniya MDHga a’zo bo‘lmagan. Gruziya 1993-yilda qo‘shilib, 2008-yilda undan chiqib ketgan.