TOShKENT, 19 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Rosey Akazava hamda yirik korporatsiyalar va moliya institutlarining top-menejerlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda prezident Yaponiya ishbilarmonlarini O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligi va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, energetik barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, o‘ta muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, mashinasozlik va sanoat uskunalarini rivojlantirish, axborot texnologiyalari, jumladan, sun’iy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Yana bir muhim yo‘nalish sifatida maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va ularni ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish belgilandi. Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.