TOShKENT, 19 dek – Sputnik. 2026–2027 yillarda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda:
sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining o‘tkazilish vaqti va joyi haqida “Sud xabarnomasi” elektron xizmati hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ning mobil ilovasi orqali elektron tarzda xabardor qilish;
sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida, shu jumladan, mobil ilova orqali o‘tkazish;
sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etish va bayonnomalarni elektron tarzda shakllantirish.
Shuningdek, 2027-yil 1-avgustdan Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga “E-KSUD” axborot tizimi sinov tariqasida joriy etiladi. Ushbu tizim quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:
Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish;
fuqarolar va yuridik shaxslar uchun odil sudlovga erishishda interaktiv xizmatlar ko‘rsatish;
sud majlislarini jonli efir orqali namoyish etish;
nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.