TOShKENT, 19 dek – Sputnik. O‘zbekiston Hukumat qarori bilan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga quyidagi to‘lovlar to‘lanadi:
2026 yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
2026 yil 1-iyuldan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi.
Sug‘urtalangan shaxslarga sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda, to‘lovlar quyidagi shartlarga asosan tayinlanadi:
davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni olish huquqi quyidagi davrlardan birida yuzaga kelganda:
sug‘urtalangan shaxslar ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda;
yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida xizmat ko‘rsatayotgan davrda;
qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lgan davrda;
homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun kamida 6 oy sug‘urta staji mavjud bo‘lsa.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi bo‘yicha to‘lovlar mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun, biroq 1 kalendar yil davomida 182 kalendar kundan oshmagan qismi uchun amalga oshiriladi.
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa miqdorini hisoblashda sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga mutanosib ravishda o‘rtacha oylik ish haqiga quyidagi staj koeffitsiyenti qo‘llaniladi:
10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda – 75 foiz;
25 oydan 60 oygacha (60-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda – 85 foiz;
61 va undan ortiq oy sug‘urta stajiga ega bo‘lganda – 100 foiz.
Sug‘urtalangan shaxslarga tayinlangan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash moliyaviy agent tomonidan amalga oshiriladi.